146. Transport vositalarini boshqarishni dastlabki o‘rgatish yopiq maydonchalarda yoki avtodromlarda o‘tkazilishi kerak.
147. Yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish faqat avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori ishtirokida, dastlabki boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan o‘rganuvchiga ruxsat etiladi. O‘rganuvchi Qoidalar talablarini bilishi va ularga amal qilishi shart.
148. Avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori boshqarishni o‘rgatish huquqini beruvchi hujjatga, shuningdek tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.
149. O‘rganuvchi o‘quv muddati yakunida “A” toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lishi uchun — 16 yoshga, “V” va “S” toifalari uchun — 18 yoshga, “D” toifasi hamda tramvay va trolleybuslarni boshqarish uchun 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.
150. Boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mexanik transport vositalari “Boshqarishni o‘rgatish transport vositasi” taniqlik belgisi va o‘rgatuvchi uchun ulagich (ssepleniye) va tormozning qo‘shimcha tepkilari, orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgu bilan jihozlanishi kerak.
151. Boshqarishni o‘rgatish yo‘nalishlari DYHXX bilan kelishilishi shart. Boshqa yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish taqiqlanadi.