19. Avtomagistrallarda harakatlanish

23
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari

121. Avtomagistrallarda quyidagilar taqiqlanadi:

piyodalar, uy hayvonlari, ot-aravalar, velosipedlar, mopedlar, traktorlar va o‘zi yurar avtomobillar, texnik tavsifnomasiga yoki holatiga ko‘ra tezligi soatiga 40 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi;

ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga birinchi va ikkinchi bo‘laklardan boshqa bo‘laklarda harakatlanish;

5.15 yoki 6.11 yo‘l belgilari bilan belgilangan maxsus to‘xtab turish maydonchalaridan boshqa joylarda to‘xtash;

ajratuvchi bo‘lakning texnologik uzilish joylariga kirish va qayrilib olish;

orqaga harakatlanish;

transport vositasini o‘rganish uchun boshqarish.

122. Haydovchi qatnov qismida majburiy to‘xtaganda, transport vositasini ushbu Qoidalarning VIII-bobi talablariga muvofiq belgilashi va bunday holatlar uchun mo‘ljallangan bo‘lakka (qatnov qismining chetini bildiruvchi chiziqdan o‘ng tomonga) olib chiqishning barcha choralarini ko‘rishi kerak.