20. Turar joy dahalarida harakatlanish

20
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari

123. Turar joy dahalari (kirish va chiqish 5.38 va 5.39 yo‘l belgilari bilan belgilangan hududlar)da piyodalarga trotuarlar hamda qatnov qismida harakatlanishga ruxsat etiladi. Bunda piyodalar imtiyozga ega bo‘ladilar, biroq ular transport vositalarining harakatlanishiga asossiz xalaqit bermasliklari kerak.

124. Turar joy dahalarida quyidagilar taqiqlanadi:

mexanik transport vositalarini boshqarishni o‘rgatish;

dvigateli ishlab turgan holda to‘xtab turish;

ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining maxsus ajratilgan, yo‘l belgilari va (yoki) yo‘l chiziqlari bilan belgilangan joylardan tashqarida to‘xtab turishi.

125. Turar joy dahalarida haydovchilar piyodalar xavfsizligini, shuningdek ushbu hududdagi inshoot, qurilma va o‘simliklarning shikastlanmasligini ta’minlashi zarur.

126. Turar joy dahalaridan chiqishda haydovchilar boshqa harakat qatnashchilariga yo‘l berishlari kerak.

127. Ushbu bo‘lim talablari hovli hududlariga (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasiga) ham tegishlidir.