104. Teng ahamiyatga ega bo‘lmagan yo‘llar kesishgan chorrahada, ikkinchi darajali yo‘lda harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi asosiy yo‘ldan yaqinlashayotgan transport vositalariga, ularning keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, yo‘l berishi kerak.
Bunday chorrahalarda tramvay harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, teng ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘lda bir yo‘nalishda yoki qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega.
105. Teng ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar kesishgan chorrahada relssiz transport vositasining haydovchisi o‘ngdan kelayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak. Bunday chorrahalarda, keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
106. Asosiy yo‘lning yo‘nalishi chorrahada o‘zgarganda asosiy yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar o‘zaro teng ahamiyatli yo‘llar chorrahasidan o‘tish qoidasiga amal qilishlari kerak.
Ikkinchi darajali yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilar ham o‘zaro shu qoidaga amal qilishlari kerak.
107. Chapga burilishda yoki qayrilib olishda relssiz transport vositasining haydovchisi teng ahamiyatli yo‘ldan qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan, shuningdek ruxsat etilgan hollarda quvib o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak.
108. Agar haydovchi o‘zi harakatlanayotgan yo‘lning qoplamasi bor-yo‘qligini aniqlay olmasa (qorong‘i vaqt, loy, qor va h.k.) va imtiyoz belgilari bo‘lmasa, unda u o‘zini ikkinchi darajali yo‘lda deb hisoblashi kerak.