15. Tartibga solingan chorrahalar

21
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari
O'zbekiston yo'l harakati qoidalari

99. Svetoforning yashil ishorasida chapga burilayotgan yoki qayrilib olayotgan relssiz transport vositasining haydovchisi qarama-qarshi tomondan to‘g‘riga harakatlanayotgan va o‘ngga burilayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Tramvay haydovchilari ham o‘zaro ushbu qoidalarga amal qilishlari kerak.

100. Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmoqning yo‘naltirgichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.

101. Agar svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari tramvay va relssiz transport vositalariga bir vaqtda harakatlanishga ruxsat bersa, harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.

Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmog‘ining yo‘naltirgichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan tramvay boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.

102. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasida chorrahaga kirgan haydovchi, undan chiqishdagi svetofor ishorasidan qat’i nazar, belgilangan yo‘nalishda harakatini davom ettirishi kerak. Biroq chorrahada haydovchining harakatlanayotgan yo‘lida joylashgan svetoforlar oldida to‘xtash chiziqlari (yoki 5.33 yo‘l belgisi) bo‘lsa, u har bir svetofor ishorasiga amal qilishi shart.

103. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo‘nalishda o‘tishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi shart.