Yo’l harakati qatnashchilari huquqlari

20

Mazkur bo`lim Vazirlar Mahkamasining «Yo’l-patrul xizmati xodimlarining yo’l harakati qatnashchilari bilan o’zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida tuzildi.

Yo’l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o’zaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:

  • YPX xodimi tomonidan to’xtatish sababini, Qoidalarning qaysi bandini (bandlarini) buzganligi to’g’risida tushuntirish berishni talab qilish;
  • transport vositasini to’xtatgan YPX xodimidan o’zini tanishtirishi va xizmat guvohnomasini ko’rsatishini hamda ko’krak nishon belgisini ma`lum qilishini talab qilish;
  • xizmatni mobil kamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;
  • YPX xodimi bilan o’zaro munosabatini o’ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan qonun hujjatlarida alohida tartib belgilangan hudud va obektlar yaqinida xizmat olib borish holatlari bundan mustasno).
  • mazkur Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, transport vositasi kabinasidan tushmasdan, YPX xodimiga hujjatlarni taqdim qilish;
  • sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
  • huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning sertifikatlari (yoki ularning nusxasi)ni ko’rsatilishini talab qilish;
  • huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
  • uzrli sabablarsiz to’xtatib turilmasligini talab qilish;
  • YPX xodimlari tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi ko’zdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
  • ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan so’ng, o’zi to’xtatilgan hududda YPX xodimining xizmat olib borishi mumkinligi (dislokatsiyasi) yoki maxsus tadbirlarni o’tkazilayotganligi haqida markaziy axborot dispetcherlik xizmati (keyingi o’rinlarda MADX deb ataladi) – axborot dispetcherlik xizmati (keyingi o’rinlarda ADX deb ataladi)dan qisqa ma`lumot olish;
  • ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilganidan so’ng, YPX xodimining dislokatsiyasi saqlanayotgan saf bo’limi (bo’linmasi) boshlig’idan dislokatsiyani ko’rsatishini talab qilish;
  • o’ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma, ma`muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o’z hisobidan nusxa olish;
  • YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, huquqbuzarlik bo’yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;
  • Yo’l harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.