Mazkur bo`lim Vazirlar Mahkamasining «Yo’l-patrul xizmati xodimlarining yo’l harakati qatnashchilari bilan o’zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida tuzildi.
YPX xodimlari o’z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
- mazkur Nizomning 6-bandida ko’rsatilgan holatlarda transport vositasini to’xtatish hamda uni boshqarish va undan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish;
- haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi ko’zdan kechirish;
- yo’l harakati qatnashchilarining hujjatlarini tekshirish maqsadida elektron ma`lumotlar bazasidan foydalanish;
- yo’l transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlikning sodir etilganligini guvohi bo’lgan yo’l harakati qatnashchilarini aniqlash;
- tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli bo’lgan transport vositalari hamda maxsus mo’ljallangan transport vositalari bundan mustasno);
- transport vositasining dvigatel agregat va qismlari raqamlarini ro’yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish (haydovchining ishtirokini ta`minlash imkoni bo’lmagan holatlar bundan mustasno);
- transport vositasini ta`qib qilish;
- transport vositasini kuzatish;
- jinoyat sodir etganligi uchun qidiruvda bo’lgan shaxslarni ushlash;
- jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni, bo’lgan, transport vositasida huquqbuzarlik sodir etilib, hodisa joyidan yashiringan, qonuniy talabga bo’ysunmagan, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi (keyingi o’rinlarda MJtK deb ataladi) 291-moddasi birinchi qismi «a» bandiga ko’ra, transport vositalarining haydovchilari ushbu Kodeks 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 125-1-moddasining ikkinchi qismida, 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 128-6-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi bo’lmasa va to’xtash yoki to’xtab turish qoidalarining buzilishi yo’l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 131, 135, 135-1-moddalarida, 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137, 176-3-moddalarida, 194-moddasida (militsiya xodimining transport vositasini to’xtatish to’g’risidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shuningdek qonun hujjatlarida to’g’ridan-to’g’ri nazarda tutilgan boshqa hollarda transport vositalarini ushlash;
- alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o’zgacha tarzda mast holda (keyingi o’rinlarda mast holda deb ataladi) bo’lgan, transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari bo’lmagan, ruhiy holati yoki sog’lig’i transport vositasini boshqarishga to’sqinlik qilishi mumkin bo’lgan, nosoz transport vositasini boshqarayotgan shaxslarni, shuningdek MJtKning 291-moddasi birinchi qismi birinchi bandida nazarda tutilgan holatlarda transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini olib qo’yish, transport vositalarini saqlab turiladigan joyiga qo’yish uchun olib borish;
- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo’lganda, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o’qotar qurolni qo’llash.
- YPX xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.