YPX xodimlari majburiyatlari

20

Mazkur bo`lim Vazirlar Mahkamasining «Yo’l-patrul xizmati xodimlarining yo’l harakati qatnashchilari bilan o’zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida tuzildi.

YPX xodimlari o’z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur:

  • xizmat vazifalarini faqat mobil kameralardan foydalangan holda olib borish;
  • vizual kuzatuv hamda maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;
  • yo’l harakati qatnashchisini to’xtatganidan keyin uning oldiga borishi, o’zini tanishtirishi, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma`lumot berishi, uning talabiga ko’ra ko’krak nishon belgisini ma`lum qilishi va xizmat guvohnomasini ochiq holda (bunda YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yo’l qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi) ko’rsatishi;
  • yo’l harakati qatnashchilariga mobil kameradan foydalanayotganligini ma`lum qilishi va kelgusida noqonuniy harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishi;
  • har qanday vaziyatda yo’l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e`tiborli bo’lishi, ularga hurmat bilan hamda “Siz” deb murojaat qilishi, yo’l harakati qatnashchilari bilan o’zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilishi;
  • yo’l harakati qatnashchilariga ularni to’xtatish sababini, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, lo’nda tushuntirishlar berishi;
  • shaxsni mast holda deb hisoblashga asoslar mavjud bo’lgan taqdirda, uning transport vositasini boshqarishdan chetlatilishini hamda mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o’tkazilishini ta`minlashi;
  • zarur hollarda, yo’l harakati qatnashchilarining harakatini cheklashi yoki taqiqlashi;
  • Qoidalarni buzgan shaxsga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirish chog’ida unga huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq o’z vaqtida tegishli choralarni ko’rishi;
  • huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari aniqlashi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko’rishi;
  • yo’l transport hodisasi sodir bo’lgan joy holatini o’zgartirish, dalillarni yo’qotish yoki yo’q qilinishining oldini olish maqsadida hodisa joyini o’rab olish choralarini ko’rishi;
  • huquqbuzarlikdan yoki baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga, hayoti (sog’lig’i) xavf ostida qolgan shaxslarga, tibbiy yordamga muhtoj bo’lgan yo’l harakati qatnashchilariga hamda yo’l transport hodisasi oqibatida shikastlangan transport vositalarini belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam ko’rsatishi;
  • o’ziga xizmat yuzasidan biriktirilgan transport vositasi, ko’krak nishon belgisi, aloqa vositasi va maxsus moslamalarni yaroqli holatda saqlashi, maxsus moslamalardan maqsadli va faqat xizmat yuzasidan foydalanishi;
  • ruxsat etilmagan, sertifikatiga ega bo’lmagan, sertifikatining amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo’lmagan maxsus moslamalardan foydalanmasligi;
  • belgilangan harakat tezligini oshirib Qoidalarni buzgan haydovchini maxsus moslamaning ko’rsatkichlari bilan tanishtirish, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (yoki uning nusxasi)ni ko’rsatishi;
  • jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo’llanganligi natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sog’lig’iga, shuningdek ularning, shu jumladan yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek o’qotar qurolni qo’llanilgan barcha hollar to’g’risida o’zining bevosita boshlig’i hamda nazorat qiluvchi prokurorga darhol xabar berishi;
  • yo’l harakati qatnashchilariga yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) yoki sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirishi shart.
  • YPX xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
  • YPX xodimi tomonidan yo’l harakati qatnashchisini asossiz hamda uzrli sabablarsiz to’xtatib turishi taqiqlanadi.
  • YPX xodimi yo’l harakati qatnashchisini to’xtatganda yoki u tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikni rasmiylashtirish jarayonida holatga dahldor bo’lmagan hamda qonun hujjatlarida belgilangan vakolatga ega bo’lmagan shaxslarga tushuntirish berishga majbur emas.