Adliya vazirligining rasmiy kanalida haydovchilarning huquqlari haqida ma’lumot eslatib o‘tilgan.
Haydovchilar yoʻl-patrul xizmati (YPX) xodimlari bilan munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:
- YPX xodimi tomonidan toʻxtatish asoslarini tushuntirib berishni talab qilish;
- transport vositasini toʻxtatgan YPX xodimidan oʻzini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini koʻrsatishini va koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilishini talab qilish;
- xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik (2019-yil 1-iyuldan eʼtiboran);
- YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatini oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (taqiqlangan belgi mavjud hududlardan tashqari);
- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatga kirishish;
- sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
- huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini koʻrsatishni talab qilish;
- huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
- asossiz toʻxtatib turilmasligini talab qilish;
- YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi koʻzdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
- oʻzi toʻxtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi haqidagi dislokatsiya bilan tanishish uchun saf bo‘limiga murojaat etish orqali yozma ma’lumot olishni talab qilish mumkin
- oʻziga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va boshqa ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan oʻz hisobidan nusxa koʻchirish yoki ularni fotosuratga olish;
- YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish;
- oʻzi guvohi boʻlgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy maʼlumotni bayon qilish.